ALIMENT MIQDORINI KAMAYTIRISH: QANDAY HOLATLARDA VA QAY TARTIBDA BUNGA ERISHISH MUMKIN?
Voyaga yetmagan farzand uchun aliment to‘lash ota-onaning qonun bilan belgilangan majburiyatidir. Biroq ayrim holatlarda aliment to‘layotgan shaxsning moddiy yoki oilaviy ahvoli o‘zgarishi, boshqa farzandlarining mavjudligi yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslar aliment miqdorini kamaytirish masalasini yuzaga keltirishi mumkin.
Xo‘sh, qanday hollarda aliment miqdorini kamaytirish mumkin? Buning uchun qanday huquqiy asoslar mavjud va sudga qanday murojaat qilish kerak?
1. Aliment miqdori qanday belgilanadi?
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-moddasiga muvofiq, ota-onalar o‘rtasida voyaga yetmagan bolalarni ta’minlash to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lmagan taqdirda, aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining quyidagi miqdorlarida undiriladi:
- bir nafar bola uchun — daromadning 1/4 qismi;
- ikki nafar bola uchun — daromadning 1/3 qismi;
- uch va undan ortiq bola uchun — daromadning 1/2 qismi.
Shu bilan birga, ushbu to‘lovlar miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli hamda boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Qonunchilikka ko‘ra, har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
2. Qanday hollarda aliment miqdorini kamaytirish mumkin?
Oila kodeksining 105-moddasida aliment miqdorini kamaytirish mumkin bo‘lgan holatlar nazarda tutilgan.
Birinchidan, aliment to‘lovchining boshqa voyaga yetmagan farzandlari mavjud bo‘lsa.
Agar aliment to‘layotgan ota yoki onaning boshqa voyaga yetmagan farzandlari bo‘lib, qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilishi natijasida ushbu farzandlar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, sud aliment miqdorini kamaytirishi mumkin.
Bunda faqat boshqa farzandlarning mavjudligi emas, balki ularning moddiy ta’minotiga ta’siri ham ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, aliment to‘lovchi nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lsa.
Agar aliment to‘layotgan ota yoki ona nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa, bu holat aliment miqdorini kamaytirish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Bunda shaxsning nogironligi, daromadlari, davolanish va boshqa zarur xarajatlari sud tomonidan baholanishi mumkin.
Uchinchidan, aliment oluvchi mustaqil daromadga ega bo‘lsa.
Agar aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lsa, bu holat ham aliment miqdorini kamaytirishda hisobga olinishi mumkin.
Biroq bunda aliment voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun undirilayotganini unutmaslik lozim. Aliment oluvchining daromadi mavjudligi bolaning ta’minot olish huquqini bekor qilmaydi.
To‘rtinchidan, voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lsa.
Oila kodeksining 105-moddasiga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lsa, sud aliment to‘layotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirishi mumkin.
Mazkur qoida 2026-yil 11-sentabrdagi O‘RQ-1174-son Qonun bilan yangi tahrirda bayon etilgan.
3. Boshqa nikohdan farzand tug‘ilishi alimentni kamaytirish uchun yetarlimi?
Amaliyotda ko‘p uchraydigan savollardan biri — aliment to‘layotgan shaxsning boshqa nikohdan farzandi tug‘ilishi avvalgi nikohdan bo‘lgan farzandlari uchun to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish imkonini beradimi?
Bunday holatda Oila kodeksining 105-moddasi talablaridan kelib chiqish lozim.
Ya’ni, boshqa farzandning tug‘ilishi o‘z-o‘zidan aliment miqdorining kamayishiga olib kelmaydi. Sud qonunda belgilangan aliment undirilgan taqdirda boshqa voyaga yetmagan farzandlarning moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qolish-qolmasligini aniqlashi kerak.
Shuning uchun da’vogar boshqa farzandlarining mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlardan tashqari, ularning moddiy ta’minoti bilan bog‘liq holatlarni ham asoslab berishi muhim.
4. Aliment miqdorini kamaytirish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Agar aliment miqdori sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i asosida belgilanib, keyinchalik uni kamaytirish uchun qonuniy asoslar yuzaga kelgan bo‘lsa, manfaatdor shaxs tegishli da’vo arizasi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin.
Oila kodeksining 146-moddasiga muvofiq, aliment miqdori sud tartibida belgilanganidan keyin taraflardan birining moddiy yoki oilaviy ahvoli o‘zgarsa, sud ularning talabiga ko‘ra alimentning belgilangan miqdorini o‘zgartirishga haqli.
Da’vo arizasida quyidagilar ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq:
- aliment undirish haqidagi avvalgi sud hujjati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- aliment miqdorini kamaytirishga sabab bo‘lgan holatlar;
- da’vogarning moddiy va oilaviy ahvoli;
- boshqa voyaga yetmagan farzandlari mavjud bo‘lsa, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- aliment miqdorini kamaytirish zaruratini tasdiqlovchi dalillar.
5. Sudga qanday hujjatlar taqdim etish kerak?
Da’vo talablarini asoslash uchun ishning holatlariga qarab quyidagi hujjatlar taqdim etilishi mumkin:
- aliment undirish haqidagi sud hujjati nusxasi;
- farzandlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
- ish haqi va boshqa daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;
- nogironlikni tasdiqlovchi hujjatlar;
- davolanish va boshqa zarur xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
- oilaviy va moddiy ahvolni tasdiqlovchi boshqa dalillar.
Sud har bir ishni alohida ko‘rib chiqadi va taqdim etilgan dalillar asosida aliment miqdorini kamaytirish yoki da’vo talabini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
6. Aliment miqdori kamaytirilgandan keyin u yana oshirilishi mumkinmi?
Ha. Oila kodeksining 105-moddasiga muvofiq, aliment miqdorini kamaytirish uchun asos bo‘lgan holatlar tugagan taqdirda, manfaatdor taraf alimentning qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.
Shuningdek, Oila kodeksining 146-moddasiga muvofiq, taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli o‘zgargan taqdirda aliment miqdori sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
HUQUQIY ASOSLAR
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi:
- 96-modda — ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyati;
- 98-modda — ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash tartibi;
- 99-modda — ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori;
- 104-modda — aliment undirishda hisobga olinadigan daromadlar;
- 105-modda — aliment miqdorini kamaytirish;
- 146-modda — aliment miqdorini o‘zgartirish.
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-sentabrdagi O‘RQ-1174-son «Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 11-sonli «Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar ta’minoti uchun aliment undirishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori (18–19-bandlar).
Huquqiy masalangiz bo‘yicha professional yordam olish uchun biz bilan bog‘lanishingiz mumkin.
Bepul konsultatsiya
Shunga o‘xshash masala bormi?
Masalangizni qisqacha yozing — advokat ish vaqtida siz bilan bog‘lanadi.