Jarayon nimadan boshlanadi?
Birinchi qadam – muassislarning tugatish to‘g‘risidagi qarori. Unda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:
- tashkilotning to‘liq va qisqartirilgan nomi, STIR va manzili;
- tugatuvchining pasport ma’lumotlari, telefon raqami va elektron pochtasi;
- tugatish sababi va mo‘ljallangan muddati;
- kreditorlar murojaatlarini qabul qilish joyi va muddati.
Keyin tugatuvchi buyruq chiqarib, vazifasiga kirishadi. Shu paytdan boshlab kompaniyani boshqarish vakolati unga o‘tadi. Direktor tugatuvchiga hujjatlar, muhr va mol-mulkni uch ish kuni ichida ro‘yxat bo‘yicha topshirishi kerak. Xodimlar bilan mehnat munosabatlari ham mehnat qonunchiligiga muvofiq tugatiladi.
Tugatish qarori nusxasi ertasi ish kunidan kechikmay Davlat xizmatlari markaziga (DXM) topshiriladi. Shu muddatda bank hisobvaraqlariga ham qaror nusxasi va tugatuvchining imzo namunalari beriladi. DXM bir ish kuni ichida kompaniya tugatilish jarayonida ekanini reyestrga kiritadi, o‘z saytida e’lon joylashtiradi va Tizim orqali soliq, statistika, Majburiy ijro byurosi (MIB), kadastr, transport vositalarini ro‘yxatga oluvchi organlar hamda Moliya vazirligini xabardor qiladi.
E’londa kreditorlar talab qo‘yishi uchun kamida ikki oy muddat beriladi.
Tugatish boshlangach nimalar taqiqlanadi?
DXM xabardor qilingan kundan boshlab:
- kompaniyaning moliya-xo‘jalik faoliyati to‘xtatiladi;
- bank hisobvaraqlaridan pul faqat tugatuvchining topshirig‘i bilan chiqariladi;
- ustavga o‘zgartirish kiritish va dividend hisoblash mumkin emas;
- mol-mulkni sotish faqat Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
- yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hamda barcha soliq va yig‘imlar bo‘yicha penya hisoblash to‘xtatiladi.
Bu penya imtiyozi muhim: tugatish olti oy ichida yakunlanmasa, imtiyoz bekor bo‘ladi va to‘lovlar to‘liq hajmda undiriladi.
Soliq tekshiruvi bo‘ladimi?
Soliq organi xabar olgach uch ish kuni ichida tekshiruvga kirishadi, tekshiruv 30 kalendar kundan oshmasligi kerak. Odatda oxirgi uch yil ko‘riladi.
Biroq tekshiruv o‘tkazilmaydigan hollar ham bor:
- yillik aylanma oxirgi uch yilda 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliq xavfi darajasi o‘rta bo‘lgan va soliq maslahatchisi yoki auditor xulosasi taqdim etilgan kompaniyalar;
- ro‘yxatdan o‘tgandan beri faoliyat yuritmagan va soliq qarzi bo‘lmagan kompaniyalar;
- aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, qarzi yo‘q, hisobotlarni muntazam topshirgan va xavf darajasi past bo‘lgan kompaniyalar. Ularga soliq organi xulosani avtomatik yuboradi.
Kreditorlar va qarzlar
Oraliq tugatish balansi tasdiqlangach, tugatuvchi besh ish kuni ichida har bir kreditorga talabi tan olingani yoki rad etilgani haqida xabar beradi. To‘lovlar quyidagi navbatda amalga oshiriladi:
- xodimlarning mehnat haqi, alimentlar, mualliflik shartnomalari bo‘yicha to‘lovlar va hayot-salomatlikka yetkazilgan zarar;
- byudjet va maqsadli davlat jamg‘armalariga to‘lovlar;
- boshqa kreditorlar talablari.
Agar mablag‘ hamma kreditorlarga yetmasa, tugatuvchi iqtisodiy sudga to‘lovga qobiliyatsizlik haqida ariza berishi shart. Bunda ixtiyoriy tugatish to‘xtab, bankrotlik tartibi boshlanadi.
Yakuniy bosqichlar
Kreditorlar bilan hisob-kitob tugagach:
- Muassislar tugatish balansini tasdiqlaydi, tugatuvchi uni bir ish kunida soliq organiga topshiradi.
- Soliq organi qarz va aktivlar yo‘qligi haqida xulosa beradi (1 ish kuni).
- MIB bajarilmagan ijro hujjati yo‘qligi haqida xabarnoma yuboradi (3 ish kuni).
- Tugatuvchi bankka murojaat qiladi, bank hisobvaraqni yopib, ma’lumotnoma beradi (1 ish kuni). Hisobvaraq xatlangan bo‘lsa, uni yopib bo‘lmaydi.
- Hujjatlar arxivga topshiriladi (3 ish kuni). 2026-yil iyulidan arxiv ma’lumotnomasini DXMning o‘zi tizim orqali oladi.
- DXM hujjatlarni tekshirib, ikki ish kuni ichida kompaniyaning tugatilgani haqida reyestrga yozuv kiritadi.
Yozuv kiritilgan kuni kompaniya rasman tugatilgan hisoblanadi.
Eng muhim muddat – olti oy
Tugatishning umumiy muddati DXM xabardor qilingan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak. Shu vaqt ichida hujjatlar to‘liq topshirilmasa, tugatish to‘xtatiladi, yopilgan bank hisobvaraqlari qayta tiklanadi va penya imtiyozi bekor qilinadi.
Amaliyotda nimaga e’tibor berish kerak?
Qarorga ko‘ra, soliq, MIB va banklar bilan axborot almashinuvi elektron tizim orqali amalga oshirilishi kerak. Lekin amaliyotda ayrim hujjatlarni qo‘lda topshirish va olish talab etilishi mumkin: masalan, soliq organiga ariza yozish, MIBga qarzdorlik yo‘qligi haqida so‘rov xati yuborish (kompaniya bir necha hududda mol-mulkka ega bo‘lsa, butun shahar bo‘yicha so‘rash foydali), bankka hisobvaraqlarni yopish haqida xat topshirish. Shuningdek, soliq hisobotlari to‘liq topshirilgan bo‘lishi lozim.
Tugatishni boshlash uchun DXM tomonidan beriladigan ma’lumotnoma pullik. To‘lov miqdorini (amaliyotda 20 600 so‘m deb aytilmoqda) DXMda aniqlashtirib oling, chunki u o‘zgarishi mumkin. Muhrni DXMga topshirish yoki yo‘q qilish tartibini ham oldindan so‘rab qo‘ying.
So‘nggi o‘zgarishlar
Tartib 2025–2026-yillarda bir necha marta yangilandi:
- 2025-yil 7-noyabr, 709-son: soliq tekshiruvidan ozod qilish holatlari kengaytirildi, banklar soliq qarzini elektron so‘rov bilan o‘zi tekshiradigan bo‘ldi;
- 2026-yil 23-yanvar, 23-son: markirovkalanadigan tovar qoldiqlari bo‘lsa, tugatuvchi 3 ish kuni ichida soliq organiga xabar berishi shart;
- 2026-yil 20-iyul, 393-son: arxiv ma’lumotnomasini DXM mustaqil oladi;
- 2026-yil 13-oktabr, 563-son: tugatish davridagi cheklovlar (jumladan, dividend hisoblash taqiqi) yangi tahrirda berildi.
Tugatuvchi va muassislar topshirilgan hujjatlarning to‘g‘riligi uchun javob beradi, shuning uchun jarayonni boshlashdan oldin amaldagi tahrirni lex.uz saytida tekshirib chiqing.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori, 1-ilova (so‘nggi tahrir). Maqola umumiy axborot uchun, yuridik maslahat emas.
Yuridik maslahat uchun biz bilan bog'laning.
K.Abrorov.
Bepul konsultatsiya
Shunga o‘xshash masala bormi?
Masalangizni qisqacha yozing — advokat ish vaqtida siz bilan bog‘lanadi.